Baqtriya

Baqtriyadagi qadimgi shaharlar

Baqtriya, Baqtriyona, Baxtar zamin Baktriya — Amudaryoning yuqori va oʻrta oqimidagi va Hindukush tog'laridan shimolda joylashgan tarixiy davlat va hudud.[1] Baqtriya shuningdek So'g'd davlatidan janubda va Pomir tog'larining g'arbida joylashgan. Asosan hozirgi Oʻzbekiston va Tojikistonning janubiy viloyatlari hamda Afgʻonistonning shimoliy qismini oʻz ichiga olgan. Shimolda Sugʻd, janubda va janubi-sharqda Araxosiya, Gandhara, gʻarbda Margʻiyona bilan chegaralangan. Hududni uch tomondan o'rab turgan (shimolda Pomir, janubda Hindukush, sharqda Qoraqurum) tog' tizmalari davlat uchun himoya "devorlari" vazifasini bajargan.

Avestoda "bayroqlar bilan o'ralgan ko'rkam Baqtriya" deb atalga ushbu hudud Zardushtiylik dinida oliy xudo Ahura Mazda yaratgan "o'n olti mukammal zaminlar"dan biri sifatida tilga olinadi. Qadimda Baqtriya ko'chmanchi turonliklarning bosqinlariga qarshi turgan kichik, mustaqil podsholik bo'lgan.[2] Zardushtiylikning qadimgi markazlaridan biri va afsonaviy Kayoniylar sulolasining poytaxti hisoblangan Baqtriya Doro I tomonidan bitilgan Behistun bitiklarida ham Ahamoniylar davlatining satrapliklaridan biri sifatida tilga olinadi; o'sha davrda Baqtriya maxsus satraplik bo'lib, u shahanshoh vorisi tomonidan boshqarilgan.[1] Miloddan avvalgi IV asrda Ahamoniylar davlatining qulashidan keyin Baqtriya eroniylarning Aleksandr bosqiniga qarshi kurashi markaziga aylanadi, biroq oxir oqibatda Aleksandr qo'shinlariga taslim bo'ladi. Aleksandr o'limidan keyin Baqtriya Aleksandrning sarkardalaridan biri Selevk I qo'li ostiga o'tadi.[3]

Satrap Diodot I mustaqillik e'lon qilishi bilan Baqtriya ham Salavkiylar davlati tarkibidan chiqadi va shundan keyin Yunon-Baqtriya, keyinchalik esa Hind-Yunon podsholiklari davri boshlanadi. Miloddan avvalgi II asrga kelib Baqtriya Parfiya imperiyasi tomonidan bosib olinadi va milodiy I asr boshida Baqtriya hududida Yuyechji qabilalari tomonidan Kushonlar imperiyasiga asos solinadi. Erondagi ikkinchi Sosoniy shahanshoh Shopur I Kushon imperiyasining g'arbiy qismlarini istilo qiladi va Kushon-Sosoniy podsholigi tuziladi. Sosoniylar Baqtriyani IV asrda qo'ldan boy berib, VI asrda yana qayta bosib oladi. Antik davrda va ilk o'rta asrlarda sharqiy eroniy tillardan bo'lmish Baqtiya tili (mahalliy tilda oriyo deb nomlangan) Baqtriya va qo'shni hududlarda keng tarqalgan til hisoblangan.

VII asrda Eronning musulmonlar tomonidan istilo qilinishi bilan Baqtriyaning ham islomiylashuvi boshlanadi. Hududning markaziy shahri Baqtra VIII-IX asrlardagi Eron Uyg'onishi hodisasining ham markazi edi va aynan shu hududda yangi fors tili mustaqil adabiy til sifatida shakllandi. Sharqiy Eron va Markaziy Osiyodagi Somoniylar imperiyasiga ham baqtriyalik Somonxudot avlodlari tomonidan asos solingan va bu bilan hududda baqtriya tili unutilib, fors tili tarqalishni boshlagan.

  1. 1,0 1,1 Mukhidinov, Saydali (2018). „Ancestral Home of Indo-Aryan Peoples and Migration of Iranian Tribes to Southeastern Europe“. SHS Web of Conferences. doi:10.1051/shsconf/20185001237. ISSN 2261-2424.
  2. J., K. (1913). „Bactria: the History of a Forgotten Empire. By H. G. Rawlinson, M.A., I.E.S. Probsthain's Oriental Series“. Journal of the Royal Asiatic Society. 45 (3)-jild. 733–735-bet. doi:10.1017/s0035869x00045470. ISSN 1356-1863.
  3. Kushokov, Safarali Yusupovich (2020). „The Emergence Of Religious Views Is Exemplified By The Southern Regions“. The American Journal of Social Science and Education Innovations. 02 (10)-jild. 143–145-bet. doi:10.37547/tajssei/volume02issue10-22. ISSN 2689-100X.

© MMXXIII Rich X Search. We shall prevail. All rights reserved. Rich X Search