Dehqonchilik

Yomgʻirlar mavsumida dehqon

Dehqonchilik — 1) qishloq xoʻjaligining yerga ekib, qishloq xoʻjalik mahsulotlarini yetishtirish bilan shugʻullanuvchi sohasi, ziroatchilik[1];

2) Ekin-tikin bilan shugʻullanish kasbi, mashgʻuloti[1];

3) Ekinzor, ekin dalasi[1];

4) qishloq xoʻjaligi ekinlarini yetishtirish va tuproq unumdorligini oshirishning umumiy usullarini oʻrganadigan fan (agronomiyaning boʻlimi). Dehqonchilik fan sifatida yuqori va barqaror hosildorlikni taʼminlash uchun tuproqqa hamda ekinga taʼsir koʻrsatishning turli usullarini, xususan, tuproqning oʻsimlik oʻsishi va rivojlanishi uchun qulay sharoitlarni taʼminlaydigan suv, ozuqa, havo va harorat rejimini boshqarish, ilmiy asoslangan dehqonchilik tizimlarini va eng maqbul almashlab ekishni, shuningdek, hosildorlikni pasaytiradigan salbiy omillar (qurgʻoqchilik, garmsel, tuproq eroziyasi, begona oʻtlar va boshqa)ni bartaraf etish yoki ularning taʼsirini kamaytirish usullarini oʻrganadi va ishlab chiqadi. Dehqonchilik tuproqshunoslik, agrofizika, agrokimyo, seleksiya, urugʻchilik, qishloq xoʻjaligi fitopatologiyasi, entomologiya, melioratsiya, meteorologiya, yer tuzish va boshqa bilan chambarchas bogʻliq. Dehqonchilikka oid ilmiy tadqiqot ishlari ilmiy tadqiqot muassasalari, tajriba styalari, tajriba dalalari va tayanch punktlarida, qishloq xoʻjaligi oliy oʻquv yurtlarining tajriba dalalarida olib boriladi (yana qarang: Oʻsimlikshunoslik).

Oʻsimlik mahsulotlari ishlab chiqarish uchun madaniy oʻsimliklar (qishloq xoʻjaligi ekinlari)ni yetishtirish; qishloq xoʻjaligining asosiy tarmoqlaridan biri. Aholini oziq-ovqat mahsulotlari, chorvachilikni yem-xashak, koʻpgina sanoat tarmoqlarini (oziq-ovqat, toʻqimachilik, farmatsevtika va boshqa)ni xom ashyo bilan taʼminlaydi. Chorvachilik bilan uzviy bogʻliq. Dalachilik (asosiy tarmoq), sabzavotchilik, polizchilik, bogʻdorchilik, gulchilik, yaylov-oʻtloqchilik kabi tarmoqlarga boʻlinadi.

Dehqonchilikda ekinlarni parvarishlash va mahsulotlar yetishtirish texnologiyasining asosiy tadbirlari:

  • mahalliy tuproq-iqlim sharoitiga moslashgan, qimmatli biologik va xoʻjalik belgilariga ega boʻlgan navlar (duragaylar)ni tanlash, almashlab ekishla eng yaxshi oʻtmishdoshni tanlash;
  • ekin ekiladigan maydonlarda yerga yaxshi ishlov berish va oʻgʻitlarni qoʻllash;
  • urugʻlikni ekishga tayyorlash, ekish (muddatlari, urugʻlik ekish normasi, ekish usuli, ekish chuqurligi);
  • ekinlarni parvarishlash (tuproqqa ishlov berish, oziqlantirish, begona oʻtlarni yoʻqotish, ekinni zararkunanda hasharotlardan himoya qilish, defoliantlar va desikantlar qoʻllash);
  • hosilni yigʻib-terib olish (asosiy va ikkilamchi mahsulotlarni yigʻib-terib olish muddatlari va uni tashkil qilish, dalani oʻsimlik qoldiqlaridan tozalash, hosil yigʻib olingandan keyin yerni haydash);
  • yigʻib olingan hosilga dastlabki ishlov berish va boshqalar.

Qishloq xoʻjaligi ekinlarini yetishtirishda mukammal agrotexnologiya mintaqa, muayyan hudud, xoʻjalik, almashlab ekish dalasining tuproq-iqlim sharoitlari va ekiladigan oʻsimlik xususiyatlariga, shuningdek, xoʻjalikning ishlab chiqarish resurslariga mos kelishi kerak. Dehqonchilikning asosiy vazifasi ekinlarni yetishtirishning ilmiy asoslangan jadal texnologiyalari negizida don, sabzavot, meva va boshqa mahsulotlar ishlab chiqarishni koʻpaytirishdan iborat.

Tuproq, joy, iqlim sharoitlarining xilma-xilligiga qarab dehqonchilikda ekiladigan ekinlar, tuproqqa ishlov berish usullari katta farqlarga ega. Namgarchilik yetarli boʻlgan moʻtadil mintaqalarda turgʻun dehqonchilik, qurgʻoqchilik hududlarida sugʻorma dehqonchilik, nam subtropik va tropiklarda 2*3 marta hosil yetishtiriladigan yil boʻyi dehqonchilik paydo boʻlgan. Shu munosabat bilan har bir mintaqa uchun dehqonchilik tizimi ishlab chiqiladi.

Shimoliy yarimsharda dehqonchilikning quyidagi turlari paydo boʻlgan:

  • Turgʻun dehqonchilik — tuproq-iqlim sharoitlari turli xil asosiy ekinlarni sugʻormasdan yetishtirish imkonini beradigan hududlarda;
  • Qurgʻoqchil dehqonchilik — ob-havo sharoitlari, atmosfera yogʻinlari beqaror boʻlgan dashtlarda;
  • Lalmi dehqonchilik — qishloq xoʻjaligi ekinlarini yetishtirish faqat atmosfera yogʻinlariga bogʻliq boʻlgan, sugʻorilmaydigan yerlarda;
  • Sugʻorma dehqonchilikchoʻl, chala choʻl va quruq dasht hududlarda;
  • Togʻ dehqonchilik — tuprogʻi kam taraqqiy etgan, ammo tabiiy unumdorligi yuqori boʻlgan togʻli hududlarda;
  • Qutb dehqonchilik — chekka shimol mintaqasida.
  1. 1,0 1,1 1,2 O‘zbek tilining izohli lug‘ati. Toshkent: G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi, 2023 — 964-bet. ISBN 978-9943-8834-4-4. 

© MMXXIII Rich X Search. We shall prevail. All rights reserved. Rich X Search