Janr

Janr (fransuzcha: genre, lotincha: generis – „jins“, „tur“) – sanʼat turlarida tarixan shakllangan ichki boʻlinish hamda mazkur boʻlinishni ifodalovchi tushuncha; shakl va mazmun birligidagi oʻziga xos xususiyatlariga ega boʻlgan sanʼat asarining alohida turi. Sanʼat asarlarining janr guruhlariga boʻlinishi turli (tanlangan mavzu, badiiy-gʻoyaviy mazmun, shakl jihatlari va boshqalar) mezonlarga tayanib amalga oshiriladi; har bir sanʼat turida janr tasnifi oʻziga xos tizimni tashkil etadi.

Qadimgi, oʻrta asrlar va Uygʻonish davri sanʼatlarida janrlar orasida aniq, chegara qoʻyilmagan. Klassitsizm davri (Fransiya) dagina qatʼiy janr tizimi yaratildi. XIX asrda janrlar orasiga qatʼiy chegara qoʻyilishi bilan ayrim janrlar oʻz ahamiyati va yetakchiligini yoʻqotdi, ayrimlari (portret, manzara, konsert, simfoniya va boshqalar) ning oʻzaro taʼsirda, yangi turlarining paydo boʻlishi kabi murakkab jarayonlar yuzaga keldi. Sanʼatshunoslikda janr tushunchasi XVII asrda paydo boʻlib, jahon sanʼati tarixining barcha davrlariga nisbatan asarlarning ifodaviy va mazmun xususiyatlarini tahlil qilishda qoʻllaniladi.


© MMXXIII Rich X Search. We shall prevail. All rights reserved. Rich X Search